Agar mazkur ro‘yxatda o‘zingizni qiziqtirgan savolni topmagan bo‘lsangiz, bizga quyidagi shaklni to‘ldirgan holda o‘z savollaringizni yo‘llang. Bizning mutaxassislar Siz bilan bog‘lanib, zarur huquqiy maslahat ko‘rsatadilar.
SAVOLLAR VA JAVOBLAR
Korrupsiya nima?
Korrupsiya - shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish. Manba: O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni
Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga nimalar kiradi?
Korrupsiya alomatlariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan qilmish korrupsiyaga oid huquqbuzarlik hisoblanadi. Manba: O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni
Manfaatlar to‘qnashuviga duch kelganda davlat xizmatchisi qanday yo‘l tutishi lozim?
Davlat xizmatchilari o‘z rahbarini yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organlarini ularni huquqbuzarliklar sodir etishga og‘dirish maqsadida biror-bir shaxslarning qilgan murojaatlarining barcha holatlari to‘g‘risida, shuningdek boshqa davlat xizmatchilari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklarning o‘zlariga ma’lum bo‘lgan har qanday holatlari haqida xabardor qilishi shart. Manba: Vazirlar Maxkamasining 2016 yil 2 martdagi 62-sonli Qarori
Kimlar mansabdor shaxs hisoblanadi?
Mansabdor shaxs - doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat bo‘yicha tayinlanadigan yoki saylanadigan, hokimiyat vakili vazifalarini bajaradigan yoxud davlat organlarida, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida, mulk shaklidan qat’i nazar, korxonalarda, muassasalarda, tashkilotlarda tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini amalga oshiradigan va yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etishga vakolat berilgan shaxs, xuddi shuningdek xalqaro tashkilotda yoxud chet davlatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, ma’muriy yoki sud organida mazkur vazifalarni amalga oshiruvchi shaxs. Manba: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (komplayens-nazorat) nima?
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplayens-nazorat”) - davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar hamda banklar faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa meyoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etilishini ta’minlovchi, korrupsiya xavf-xatarlari va manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vaqtida aniqlash hamda ularga chek qo‘yish, qonun buzilishi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berish kabi qator profilaktik choralarni o‘zida mujassam etgan samarali tizimdir.
Agentlikka qanday murojaat qilsam bo‘ladi?
Agentlikka murojaatingizni http://eanticor.uz veb sayti, info@anticorruption.uz elektron pochtasi, 1253 qisqa raqamli Call markazi, Toshkent shahar, Shota Rustaveli ko‘chasi, 8a-uyga pochta xizmati yordamida yo‘llash orqali yoki bevosita Agentlikka kelib berishingiz mumkin.
Agentlikning hududiy tashkilotlari bormi?
Agentlikning hududiy boshqarma va bo‘limlari mavjud emas.
Agentlikka ishga kirish uchun qanday ma’lumotga ega bo‘lishim kerak?
Agentlikka yurisprudensiya, iqtisodiyot, moliya, soliq, audit, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar ishga qabul qilinadi. Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6013-sonli Farmoni
Pora olish va berish deganda nimalar tushuniladi?
Pora olish– mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy manfaatdor bo‘lishi. Pora berish – mansabdor shaxsga mazkur mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish. Manba: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi
Nimalar pora predmeti bo‘ladi?
Pul, qimmatbaho qog‘ozlar, moddiy boyliklar, shuningdek, pora oladiganga qaytarmaslik sharti bilan, lekin mulkiy mohiyatga molik bo‘lgan (masalan, ta’mirlash, qurilish, qayta tiklash ishlarini bajarish va boshqalar) xizmatlar pora predmeti bo‘lishi mumkin. Manba: Oliy sudi Plenumining 19-son qarori
Qanday hollarda pora bergan shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin?
Basharti, shaxsga nisbatan pora so‘rab tovlamachilik qilingan bo‘lsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda o‘ttiz sutka mobaynida o‘z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod etiladi. Manba: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksia
Korrupsiya uchun qanday turdagi javobgarlik nazarda tutilgan?
Shaxs o‘zining korrupsion xatti-harakatlari uchun ushbu qilmishning xususiyatidan kelib chiqqan holda jinoiy, ma’muriy, intizomiy va fuqaroviy javobgarlikka tortilishi mumkin. Ma’muriy javobgarlik doirasida: bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha miqdorda jarima (MJtKning 1931- 1932-moddalari); bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi (MJtKning 61, 61-1-moddalari). Jinoiy javobgarlik doirasida: bazaviy hisoblash miqdorining 600 baravarigacha jarima (JKning 167-moddasi 3-qismi); 5 yilgacha muayyon huquqdan mahrum qilish (JKning 206-moddasi, 1-qismi); 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari (JKning 167-moddasi 2-qismi); 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari (JKning 19211-moddasi 2-qismi); 5 yilgacha ozodlikni cheklash (JKning 167-moddasi, 1-qismi); 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish (JKning 210-moddasi 3-qismi va 211-moddasi, 3-qismi) jazolari tayinlanishi mumkin. Intizomiy javobgarlik doirasida: Mehnat kodeksiga ko‘ra hayfsan, o‘rtacha oylik ish haqining (bazaviy hisoblash miqdorining) o‘ttiz foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima va mehnat shartnomasini bekor qilish kabi intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin. Manba: Jinoyat kodeksi, Mehnat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks.
Normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi nima?
Korrupsiyaga qarshi ekspertiza — normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarida korrupsiyaviy omillarni aniqlash, aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqish va choralar ko‘rishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmui. Manba: Adliya vazirining 2021 yil 24 fevraldagi 2-mh-son Buyrug‘i
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ish kirish tartiblari haqida ma’lumot bersangiz.
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuqori malakali kadrlar, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amaliy ish tajribasiga ega, Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni professional darajada bajarishga qodir shaxslar orasidan to‘ldirilib, ishga qabul qilish jarayonlari konkurs asosida xalqaro standartlarga muvofiq Agentlik tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi. Agentlik direktori o‘rinbosarlari Agentlik direktori taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. Ishga kiritish tartibi haqida: http://anticorruption.uz/uzc/item/vacancies havolasi orqali batafsil ma’lumotga ega bo‘lishingiz mumkin.