O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6247-son Farmoniga asosan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilgan.
Bugungi kunda Agentlik qator normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilab berilgan vakolatlar doirasida davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash yo‘nalishida quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
– davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, shu jumladan ularning normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan maʼlumotlarni Internet tarmog‘iga joylashtirish (eʼlon qilish) bo‘yicha majburiyatlari hisobini yuritish;
– Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar ro‘yxatini uzluksiz to‘ldirish, takomillashtirib borish va yangilab borish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirishga ko‘maklashish;
– davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlashga masʼul bo‘lgan xodimlarini muntazam o‘qitish va malakasini oshirish;
– davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash bo‘yicha “Ochiqlik indeksi”ni yuritish va boshqalar.
2024-yilda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi monitoring qilinib, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha taʼsir choralari qo‘llanildi. Xususan, 103 ta davlat organlari va tashkilotlarining ochiqligi monitoring qilinib, natijalari bo‘yicha 45 ta taqdimnoma kiritildi.
Ochiqlikka oid qonun hujjatlari talablarini buzgan 5 nafar mansabdor shaxsga nisbatan maʼmuriy javobgarlik choralari qo‘llanildi.
Shuningdek, “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirlari orqali 6 ta vazirlik (Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Qishloq xo‘jaligi, Transport, Energetika va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklari) va 2 ta viloyat hokimliklari (Andijon va Namangan)ga taqdimnomalar kiritildi.
Davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlashga masʼul xodimlarni o‘qitish bo‘yicha “E-learning” elektron platformasi ishga tushirilib, 119 ta davlat organlarining 588 nafar masʼul xodimi o‘qitildi.
Davlat idoralari faoliyati ochiqligi darajasini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi shakllantirilib, uning doirasida 103 ta davlat organlarining 31 tasi “yashil”, 43 tasi “sariq” va 29 tasi “qizil” baholandi hamda bu tizim orqali barcha darajadagi rahbar xodimlarning ochiqlikni taʼminlash sohasidagi masʼuliyati oshirildi.
Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat o‘rnatildi.