Onlayn murojaat

Korrupsiya haqida xabar berish

Bekor qilish Xabar berish

Agentlik haqida

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH AGENTLIGI

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, 2020 yilning 29 iyunida tashkil etildi.

Agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari (parlament) oldida hisobdordir.

Agentlikning asosiy maqsad va vazifalari:

• mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilishni taʼminlash;

• korrupsiyaga oid xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan sohalarni aniqlash;

• korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni amalga oshirish;

• fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish orqali jamiyatda korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish;

• vazirlik va idoralarning korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;

• davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar, shu jumladan, banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (komplayens-nazorat)ni joriy etish;

• davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi va samarali faoliyat ko‘rsatishini taʼminlash;

• korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;

• korrupsiyaning holati, tendensiyalari va sabablari hamda korrupsiyaga qarshi choralar ko‘rishning samaradorligi yuzasidan sotsiologik, ilmiy va boshqa tadqiqotlarni tashkil etish;

• korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash va boshqalar.

Agentlik bir qator huquq hamda vakolatlarga ega:

• korrupsiyaga oid, birinchi navbatda, O‘zbekistonning milliy manfaatlariga va xalqaro imidjiga zarar yetkazuvchi jinoyatlarni tergov qilish natijalarini kompleks tahlil qilish;

• byudjet mablag‘larining sarflanishi, davlat aktivlarining realizatsiya qilinishi, davlat xaridlari, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va davlat dasturlari bajarilishi bilan bog‘liq materiallarni talab qilish, olish va o‘rganish;

• jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya masalalari bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish;

• korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar bo‘yicha maʼmuriy surishtiruvlar o‘tkazish;

• ijro hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari qarorlarida korrupsiya belgilari aniqlangan hollarda ularning ijrosini to‘xtatish yoki bekor qilish to‘g‘risida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalarni kiritish.

Ushbu sohada fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan kompleks dasturlarni amalga oshiradi va jamiyatda korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantiradi.

Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda mamlakatning imidjini mustahkamlash va uning xalqaro reytinglardagi o‘rnini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar olib boradi

Boshqa bo‘limlar