Onlayn murojaat

Korrupsiya haqida xabar berish

Bekor qilish Xabar berish

Korrupsiyaning oldini olish va “komplaens-nazorat” tizimini joriy etish boshqarmasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6013-son farmoniga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar, shu jumladan banklarda korrupsiyaga qarshi kurashishning xalqaro vositalari asosida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etish va samarali faoliyat ko‘rsatishini tashkillashtirish, monitoringini olib borish, shuningdek, ularning mazkur sohadagi faoliyati bo‘yicha reytingini tuzish vazifasi yuklatilgan.

Maʼlumot uchun: korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini ko‘rish uchun masʼul hisoblanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5177-son Qaroriga ko‘ra, 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida mavjud shtat birliklari doirasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.

Shunga ko‘ra, 2024-yilda davlat idoralari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat tuzilmalari  faoliyati takomillashtirilib, 74 ta davlat idorasi «Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi» bo‘yicha ISO xalqaro standart sertifikatiga ega bo‘ldi.

Korrupsiyaning oldini olish mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda 1 000 nafardan ortiq ichki nazorat tuzilmalari xodimlarining malakasi oshirildi.

23  ta davlat organlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari ochiq tanlov asosida ishga qabul qilindi.

123 ta davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiya haqida xabar berishga mo‘ljallangan aloqa kanallari tashkil etildi.

Davlat idoralarining funksiyalaridagi korrupsiya xavf-xatarlar darajasi baholashdan o‘tkazilib, 101 ta davlat organlari va tashkilotlarining 7 525 ta funksiyalaridan 495 tasi korrupsiya xavf-xatar darajasi“yuqori”, 1 541 tasi “o‘rta”, 5 489 tasi “past” baholandi va Korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reyestri shakllantirildi.

Korrupsiya darajasi yuqori bo‘lgan 495 ta  funksiyalarning 172 tasida raqamlashtirish, 67 tasida amaldagi ichki idoraviy hujjatlarni takomillashtirish yoki yangisini qabul qilish orqali, 62 tasida qo‘shimcha nazorat mexanizmlarini joriy qilish, 42 tasida ochiqlikni taʼminlash, 152 tasida xodimlarni o‘qitish va malakasini oshirish orqali minimallashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi reyting baholanib, 95 ta tashkilotning 42 tasi “yaxshi”, 38 tasi “qoniqarli” va 15 tasi “qoniqarsiz” deb topildi.

“Qoniqarsiz” baholangan rahbarlarining hisobotlari eshitilib, tanqidiy muhokama qilindi.

Boshqa bo‘limlar