Agentlik tomonidan 2024-yilda manfaatlar to‘qnashuvi, davlat xaridlari, hamda byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha hududlar va sohalar kesimida monitoring va joyiga chiqqan holda o‘rganishlar o‘tkazilib, aniqlangan qonunbuzilishilarni bartaraf etish yuzasidan vazirlik va idoralarga 274 ta taqdimnoma kiritildi.
Taqdimnomalar natijasida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 85 nafar shaxsga nisbatan intizomiy javobgarlik choralari qo‘llanildi, 234 ta holatda jami 263,9 mlrd so‘mlik xaridlar bekor qilinib, noqonuniy davlat xaridlari o‘tkazilishining oldi olindi.
Bundan tashqari, o‘rganishlar natijasida aniqlangan qonunbuzilishi holatlariga huquqiy baho berish uchun 282 ta material huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilib, ular asosida umumiy 25 ta jinoyat ishi va 104 ta maʼmuriy ish qo‘zg‘atildi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida jami 222,7 mlrd so‘mlik moddiy zararning davlat byudjetiga qaytarilishi yuzasidan qarorlar qabul qilingan.
Ommaviy axborot vositalarida korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi yuzasidan eʼlon qilingan 25 ta xabarlar o‘rganilib, ularning 23 tasi bo‘yicha davlat xaridlarida qonunbuzilishi holatlarining mavjudligi hamda 2 tasida davlat xizmatchilari tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgani aniqlandi va qonunbuzilishi holatlari bartaraf etildi.