Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining qo‘shma qarori bilan “Yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish va ularning raqobat muhitiga taʼsirini baholash tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnoma tasdiqlandi.
Mazkur Yo‘riqnoma qiymati kamida 50 mln AQSH dollari ekvivalentidagi moliyaviy resurslar jalb etilgan holda amalga oshiriladigan, iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar, xizmatlar yoki boshqa infratuzilmani yaratish, kengaytirish yoxud modernizatsiya qilishga qaratilgan yirik investitsiya loyihalariga nisbatan tatbiq etiladi.
Yo‘riqnoma talablariga muvofiq korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilmagan hamda raqobat muhitiga taʼsiri baholanmagan loyihani tasdiqlashga yoki amalga oshirishning keyingi bosqichiga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Loyihalar quyidagi bosqichlarda majburiy tartibda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkaziladi:
- loyiha tashabbusi bosqichida;
- davlat xaridi bosqichida;
- amalga oshirish bosqichida.
Yo‘riqnoma bilan yirik investitsiya loyihasida korrupsiyaviy xavflarni aniqlash bo‘yicha (30 ta savoldan iborat) cheklist hamda yirik investitsiya loyihasining raqobat muhitiga taʼsirini baholash bo‘yicha (16 ta savoldan iborat) cheklist tasdiqlandi.
Korrupsiyaga qarshi ekspertiza davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan o‘tkaziladi.
Loyihaning korrupsiyaviy xavf darajasi ekspertiza natijalariga ko‘ra quyidagicha tasniflanadi:
▫️ yuqori xavf – 10 ta va undan ortiq korrupsiyaviy omil aniqlangan taqdirda;
▫️ o‘rtacha xavf – 5–9 ta korrupsiyaviy omil aniqlangan taqdirda;
▫️past xavf – 1–4 ta korrupsiyaviy omil aniqlangan taqdirda;
▫️korrupsiyaviy xavf aniqlanmagan – korrupsiyaviy omil mavjud bo‘lmagan taqdirda.
Loyihaning raqobat muhitiga taʼsirini baholash korrupsiyaga qarshi ekspertiza bilan bir vaqtda yoki undan so‘ng amalga oshiriladi.
Baholash korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari va (yoki) monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etilgan davlat organlari va tashkilotlarida monopoliyaga qarshi komplayens bo‘yicha masʼul xodimlar tomonidan o‘tkaziladi.
Loyihaning raqobat muhitiga taʼsiri bo‘yicha xavf darajasi baholash natijalariga ko‘ra quyidagicha tasniflanadi:
▫️ yuqori xavf – 4 ta va undan ortiq raqobatni cheklashi mumkin bo‘lgan omil aniqlangan taqdirda;
▫️o‘rtacha xavf – 2–3 ta raqobatni cheklashi mumkin bo‘lgan omil aniqlangan taqdirda;
▫️ past xavf – 1 ta raqobatni cheklashi mumkin bo‘lgan omil aniqlangan taqdirda;
▫️xavf aniqlanmagan — raqobatni cheklashi mumkin bo‘lgan omil mavjud bo‘lmagan taqdirda.
Ekspertiza va baholash natijalari bo‘yicha xulosalar hamda cheklistlar loyihani maʼqullash yoki moliyalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilish vakolati berilgan davlat organlari va tashkilotlarida kollegial tartibda o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi.
Ekspertiza va baholash xulosalari ko‘rib chiqilmasdan turib, loyihani maʼqullash, moliyalashtirishni tasdiqlash yoki kelishuv tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ekspertiza yoki baholash natijalari bo‘yicha salbiy xulosa berilgan bo‘lsa, xulosalarda ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmasdan loyihani maʼqullashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin loyiha qayta korrupsiyaga qarshi ekspertizadan va (yoki) raqobat muhitiga taʼsirini qayta baholashdan o‘tkaziladi.
Yo'riqnomaning to'liq matni bilan bu yerda tanishish mumkin.
11.05.2026