Virtual qabulxona

Korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida brifing o‘tkazildi

Asosiy yangiliklar 3 303 marta körilgan

Bugun AOKAda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov ishtirokida davlatimiz rahbari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ilgari surilgan muhim tashabbuslari asosida xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda qayd etilganidek, o‘tgan yili O‘zbekiston va Qatar davlatlari yetakchilari tomonidan amalga oshirilgan davlat tashriflari va uning doirasida erishilgan kelishuvlar, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qator qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi darajadaga olib chiqdi.

Jumladan, joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston delegatsiyasining Qatar davlatiga amalga oshirgan tashrifi qonunchilik, sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash uchun xizmat qildi.

Tashrif doirasida Qatar Maʼmuriy nazorat va shaffoflik idorasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rtasida 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma harakatlar rejasi imzolandi.

Tashrif doirasida Parlamentimizning 5 nafar vakili Parlament aʼzolarining korrupsiyaga qarshi global tashkiloti – GOPAC aʼzoligiga qabul qilindi.

Mazkur tashkilot korrupsiyaga qarshi kurashish va samarali boshqaruvni rag‘batlantirishga qaratilgan xalqaro parlamentlararo tarmoq hisoblanadi va 50 ta davlatdan 1400 nafar aʼzoga ega.

Tashkilotning asosiy maqsadi davlat boshqaruvida halollikning yuqori standartlarini joriy etishda korrupsiyaga qarshi kurashish, shaffoflik va hisobdorlikni taʼminlash borasida amaldagi va sobiq parlament aʼzolari, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlari saʼy-harakatlarini birlashtirish, ular o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishdan iborat.

Ikkinchidan, xabaringiz bor,davlatimiz rahbari tomonidan o‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekistonda o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.

Jumladan, bolalikdan “halollik vaksinasi” bilan emlangan yosh avlodni tarbiyalash, bu borada BMTning Korrupsiyaga qarshi taʼlim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi – GRACE dasturini O‘zbekistonda keng joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

GRACE dasturining maqsadi – taʼlim va o‘zaro hamkorlikdagi loyihalar orqali dunyo yoshlari orasida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish hisoblanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan bu borada bir qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, GRACE dasturini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha 2024-2027 yillarni mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi va ijroga qaratildi.

"Yo‘l xarita"si doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda manfaatdor vazirlik-idoralar hamkorligida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

Maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalarida:

✔️ “O‘quvchi yoshlar halollik tarafdori” 10 kunligi va “Halollik” to‘garaklari tizimli ravishda yo‘lga qo‘yiladi.

✔️“Profilaktika kunlari” va “Sinf soat”lari doirasida “Halollik qadriyatlari”, “To‘g‘rilik, mehnatsevarlik xotirjam hayot asosi” mavzularida targ‘ibot-tashviqot tadbirlari tashkil etiladi.

Kasb-hunar taʼlimi va oliy taʼlim muassasalarida:

✔️ “OTM–viloyat–respublika” tizimi asosida bilimlar bellashuvi tashkil etiladi.

✔️ “Aksilkorrupsiya kovorking” markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

✔️ 9 dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan barcha oliy taʼlim muassasalarida “Yoshlar korrupsiyaga yo‘q deydi!” mavzusida eng yaxshi rasmlar tanlovi, OTMlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida #Stop_korrupsiya xeshtegi ostida chellenj, ota-onalar o‘rtasida “Isteʼmolchilarning taʼlim xizmatlari sifatidan qanoatlanganligi” mavzusi bo‘yicha sotsiologik so‘rovnoma o‘tkaziladi.

Shuningdek, ixtisoslashgan taʼlim muassasalarida korrupsiyaga qarshi taʼlim va tadqiqot, yoshlarda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish va ularning faolligini oshirish yo‘nalishlarida ham bir qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Mazkur yo‘l xaritasining ijrosi doirasida 18-22 mart kunlari o‘tkaziladigan “Xalqaro aksillkorrupsiya maktabi” treninglariga O‘zbekiston yoshlarining ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.

Uchinchidan, BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini jadal amalga oshirish uchun Markaziy Osiyo Mintaqaviy platformasidoirasida ham bir qator ishlar amalga oshirildi.

Taʼkidlash lozimki, mazkur platforma 2023-yil noyabr oyida Toshkent shahridagi III Aksilkorrupsiya forumi doirasida ishga tushirildi.

Platforma faoliyati 5 ta davlat: O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston ishtirokida amalga oshiriladi.

Yanvar oyida Platforma faoliyatini samarali amalga oshirish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, amalga oshirish uchun aʼzo davlatlar tomonidan qabul qilindi.

“Yo‘l xaritada” Markaziy Osiyo davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlari o‘rtasida muntazam hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan chora-tadbirlari nazarda tutilgan.

Shuningdek, ilk tadbir joriy yilning 15-fevral kuni Toshkentda Biznesda korrupsiyaga qarshi qonunchilik hujjatlariga rioya qilishni rag‘batlantirish” mavzusidagi seminar shaklida tashkil etildi.

Navbatdagi tadbir mart oyida Tojikistonda gibrid shaklda tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimlarining joriy etish tajribasi taqdimoti bo‘lishi kutilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida ayni paytda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida delegatsiyamiz vakillari BMTning Bosh Kotibi yordamchisi – BMTning Qonun ustuvorligi va xavfsizlik institutlari boshqarmasi,Nyu-York politsiya departamenti, BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki Halollik boshqarmasi, AQSH Oliy sudi, Davlat departamenti, Davlat odob-ahloq idorasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Xususan, BMTning Qonun ustuvorligi va xavfsizlik institutlari boshqarmasi bilan Agentlik o‘rtasida Strategik hamkorlik doirasini imzolash ko‘zda tutilgan.

Tashrif tafsilotlari Agentlikning rasmiy sahifalari orqali batafsil yoritib boriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar