Joriy yilning 24-sentabr – 4-oktabr kunlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining AQSH Davlat departamentining Xalqaro liderlik dasturi (International Visitor Leadership Program) doirasida AQSHga xizmat safari amalga oshirildi.
Maʼlumot uchun: International Visitor Leadership Program (IVLP) — AQSH Davlat departamentining professional almashinuv dasturi bo‘lib, butun dunyo mutaxassislarining AQSHga qisqa muddatli tashriflari orqali davlatlararo turli yo‘nalishlarda tajriba va fikr almashish, uchrashuvlar o‘tkazish, o‘zaro aloqalarni mustahkamlashni o‘z ichiga oladi.
Safardan ko‘zlangan asosiy maqsad AQSHning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik, sud-huquq va meʼyoriy-huquqiy bazasi bilan tanishish, firibgarlik, suiisteʼmollik va korrupsiya holatlari, shu jumladan, mol-mulk va daromadlarni deklaratsiyalash bilan bog‘liq ishlarni tergov qilish va jinoiy javobgarlikka tortish tizimini o‘rganish, hukumatning ochiqlik va shaffoflikni oshirishga qaratilgan faoliyati yuzasidan tajriba almashish, davlat boshqaruvida korrupsiya va odob-axloq qoidalari bo‘yicha jamoatchilikni xabardor qilish dasturlari bilan tanishish bo‘ldi.
Safar davomida Vashington shtati AQSH Davlat departamenti, AQSH hukumati Hisob palatasi (GAO), Davlat etikasi idorasi (OGE), Moliya departamenti, Adliya departamenti, Merilend shtatining Axloq komissiyasi, Davlat siyosati bo‘yicha hamkorlar (Public Policy Partners) lobbistlik idorasi, Xabar beruvchilar milliy markazi, Massachusets shtatining Bosh Inspektor idorasi (OGI), Boston Globe gazetasi, Common cause lobbistlik idorasi va boshqa qator idoralar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘zaro tajriba almashish, ikki mamlakat masʼul idoralari o‘rtasida sohada yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shu jumladan, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Vashington shahrida masʼul idora va tashkilotlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar mobaynida AQSHda korrupsiyaga qarshi kurashishda olib borilayotgan chora-tadbirlar va tashabbuslar, jumladan, federal shartnomalar, grantlar va kreditlar kabi maʼlumotlarning ochiq eʼlon qilinishi, soliq to‘lovchilarning pullarini tejashga qaratilgan tekshiruvlarni olib borilishi, jinoiy daromadlar va noqonuniy aktivlarni aniqlash va ularni qaytarish, bunda turli davlatlarning tegishli idoralari bilan hamkorlik qilish, qolaversa AQSHda odob-axloq standartlari, davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish mezonlari, sovg‘a olish tartiblari singari masalalarda tajriba almashildi.
Shuningdek, har bir davlat xizmatchisi ishga qabul qilish jarayonida maxsus axloqiy tayyorlovdan o‘tkazilishi va ular uchun qo‘llanma taqdim etilishi, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan shaxslarni himoya qilinishi hamda mazkur mamlakatda lobbistlik faoliyatining tartibga solinishi va boshqarilishi to‘g‘risida maʼlumot taqdim etildi.
2-3-oktabr kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining Massachusets shtati masʼul idora va tashkilotlari vakillari bilan professional uchrashuvlari tashkil etilib, uchrashuvlar doirasida sudyalar etikasi, korrupsiya sodir etgan davlat amaldorlarini jinoiy javobgarlikka tortishning samarali usullari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlashda ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining o‘rni yuzasidan AQSH tajribasi o‘rganildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati
10.10.2023