Ekspertlik guruhi a’zolari Davlat dasturi loyihasiga o‘z takliflarini bildirishdi
Joriy yilning 18 oktabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Ekspertlik guruhi a’zolarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish kun tartibidan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasini muhokama qilish o‘rin oldi.
Dastlab Agentlik mas’ul xodimi tomonidan davlat dasturi loyihasi yuzasidan taqdimot qilindi.
Ta’kidlanganidek, mazkur loyihani tayyorlash uchun Agentlik, mas’ul vazirlik va idoralar hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruhi tashkil etildi.
Ishchi guruh a’zolari tomonidan keng jamoatchilik, idoralardan kelib tushga 100 dan ortiq takliflar ko‘rib chiqildi va davlat dasturi loyihasi tayyorlandi.
Yig‘ilishda Ekspertlik guruhi vakili X.Tursunbekov korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ilmiy doira vakillari imkoniyatlaridan keng foydalanish, ularning resurslarini birlashtirish va muvofiqlashtirish, doimiy ravishda malakasini oshirib borish bo‘yicha taklifini bildirdi.
Shuningdek, Ekspertlik guruhi a’zosi F.Primov Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini aniqlash va oshirish maqsadida tizimli ravishda ijtimoiy tadqiqotlar va so‘rovlar tashkil etib borish, “Korrupsiyasiz soha” loyihalarini ijrosini davom ettirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
Tadbirda Ekspertlik guruhi a’zosi L.Stayshyunayte maktabgacha va maktab ta’limi sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha loyihadagi taklifni qo‘llab quvvatlagan holda, loyihani amalga oshirish jarayonlarida jamoatchilik ishtirokini ta’minlashga e’tibor qaratish kerakligini aytib o‘tdi.
Muhokamalar davomida loyihada belgilangan vazifalar va ularni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish lozimligi hamda mazkur jarayonda ekspertlik guruhi a’zolari ham faollik ko‘rsatishi lozimligi ta’kidlandi.
18.10.2023