Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar 18 yanvar kuni Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda akademik doira vakillaridan iborat Ekspertlar guruhi a’zolari ishtirokida muhokama qilindi.
Yig‘ilishda akademik doira vakillari, O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi, Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi, “O‘zbekistonda ochiqlik va shaffoflik” tahlil markazi, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati, “Madad” NNT, “Yuksalish” UMH vakillari hamda Antikorrupsiya.uz, “Mening yurtim” telekanli kabi mustaqil OAV vakillari ishtirok etishdi.
Ta’kidlanganidek, Agentlik tomonidan mazkur Davlat dasturining ijrosini ta’minlash yuzasidan doimiy ravishda monitoring va tahlil ishlari amalga oshirilib, Milliy kengashga axborot berib borilmoqda.
Davlat dasturida belgilangan 5 ta yo‘nalishdagi 44 ta banddan iborat 50 dan ortiq vazifa va topshiriqlardan kelib chiqib, o‘tgan davr mobaynida 11 ta normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Yig‘ilishda sohaning institutsional asoslarini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida amaliyotga joriy qilingan yangi mexanizmlar va ularning samarasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etilganidek, davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik, odob-axloq qoidalariga rioya etish, sovg‘alar olish va berish tartibi, ijtimoiy jihatdan himoya qilinishini, moddiy ta’minot olishini va rag‘batlantirilishini ta’minlash belgilandi. Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar bosqichma-bosqich korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkaziladigan bo‘ldi. Davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini reyting baholash hamda ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etildi.
Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash bo‘yicha metodika tasdiqlandi. Ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati 1 taga kengaytirilib ular soni 35 taga yetkazildi. Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash tartibi belgilandi.
Yig‘ilishda Davlat dasturida davlat xizmatlarini ko‘rsatishda axborot texnologiyalarini rivojlantirish, elektron axborot platformalarini ishlab chiqish yuzasidan belgilangan topshiriqlarning ijrosi xususida ham o‘zaro fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan davr mobaynida korrupsion xavf-xatarlarni baholash elektron tizimi, korrupsiya holatlari haqida xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus dasturiy ta’minot “YE-anticor.uz” platformasi, korrupsiya haqida tezkor xabar berish imkonini beruvchi “1253” qisqa raqamli “Call-markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Jamoatchilik kengashi va ekspertlar guruhi a’zolari tomonidan davlat dasturi doirasida bajarilgan ishlarning amaliy natijadorligi jamoatchilik monitoringi tarzida muhokama qilib borish lozimligi taklifi bildirildi.
18.01.2023