O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-son Farmoniga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tuman va shahar hokimliklari o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida mahalliy byudjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar smetasi, rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablag‘lar yo‘naltirilgan maqsadlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni joylashtirishi belgilangan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan mazkur Farmon talablarining 2022-yildagi ijrosi tahlil qilindi.
Xususan, 8 ta viloyat hokimligi tomonidan mazkur maʼlumotlar belgilangan tartibda joylashtirilganligi hamda 6 ta hududda ushbu maʼlumotlar Farmon talablariga mos ravishda yoki umuman joylashtirilmaganligi aniqlandi.
Viloyatlar mahalliy byudjetining orttirib bajarilgan qismining sarflanishi to‘g‘risidagi maʼlumotlar Navoiy, Buxoro, Xorazm va Sirdaryo viloyat hokimliklari tomonidan namunali tarzda (mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi farmoyish, mablag‘ ajratilgan tashkilot va uning maqsadlari) joylashtirilgan bo‘lib, barcha mablag‘larning sarflanishi ochiq va shaffof tarzda batafsil ko‘rsatilgan.
Misol uchun, Navoiy viloyati hokimligi mahalliy byudjetining 2022-yilda orttirib bajarilgan qismi mablag‘lari 219,4 mlrd so‘mni, yil boshidagi erkin qoldiq mablag‘lari 144,6 mlrd so‘mni tashkil qilgan bo‘lib, yil davomida viloyat hokimining 30 ta farmoyishiga asosan 364 mlrd so‘m mablag‘lar tegishli maqsadlar uchun ajratilgan.
Ushbu mablag‘larning asosiy qismi, yaʼni 160,8 mlrd so‘m mablag‘ viloyatda davlat dasturlarini amalga oshirish va shu kabi bir qator maqsadlar uchun jamg‘armalarga (“Yoshlar daftari”, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” va boshqalar) yo‘naltirilgan.
Shuningdek:
Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasiga viloyatdagi qurilish (taʼmirlash, rekonstruksiya) loyihalari uchun 64,9 mlrd so‘m;
xalq taʼlimi tashkilotlariga taʼmirlash va moddiy jihozlar bilan taʼminlash uchun 20 mlrd so‘m;
tibbiyot sohasi tashkilotlariga 18,4 mlrd so‘m;
tumanlar obodonlashtirish tashkilotlariga 18,2 mlrd so‘m;
yo‘llarni taʼmirlash, yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash korxonalari moddiy texnika bazasini mustahkamlash uchun 16,6 mlrd so‘m;
aholini suv bilan taʼminlash va sug‘orish quduqlarini qazish masalalariga 9,2 mlrd so‘m;
maktabgacha taʼlim muassasalariga taʼmirlash va moddiy jihozlar bilan taʼminlash uchun 7,7 mlrd so‘m;
tuman va shahar hokimliklariga 5,8 mlrd so‘m;
turizm va madaniyat sohalari tashkilotlariga 4 mlrd so‘m;
sport tashkilotlari faoliyatini qo‘llab quvvatlash maqsadlariga 3,9 mlrd so‘m mablag‘lar yo‘naltirilgan.
Buxoro viloyat hokimligi mahalliy byudjetining 2022-yilda orttirib bajarilgan qismi mablag‘lari 276,9 mlrd so‘mni, yil boshidagi erkin qoldiq mablag‘lari 154,9 mlrd so‘mni tashkil qilgan bo‘lib, yil davomida viloyat hokimining 385 ta farmoyishiga asosan 403,2 mlrd so‘m mablag‘lar tegishli maqsadlar uchun ajratilgan.
Ushbu mablag‘larning asosiy qismi, yaʼni 184,3 mlrd so‘m mablag‘ viloyatda davlat dasturlarini amalga oshirish va shu kabi maqsadlar uchun jamg‘armalarga (Yoshlar daftari, Obod qishloq va obod mahalla va boshqalar) yo‘naltirilgan.
Shuningdek:
Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasiga viloyatdagi qurilish (taʼmirlash, rekonstruksiya) loyihalari uchun 81,8 mlrd so‘m;
ssuda mablag‘larini qaytarish uchun 30,2 mlrd so‘m;
G‘ijduvon erkin iqtisodiy zonasigacha temir yo‘l liniyasini qurish uchun 8,6 mlrd so‘m;
aholini suv bilan taʼminlash va sug‘orish quduqlarini qazish ishlariga 8,4 mlrd so‘m;
viloyat kardiologiya bo‘limini angiograf uskunasi bilan taʼminlash uchun 7,6 mlrd so‘m;
Prezident maktabi jamg‘armasiga 6,7 mlrd so‘m;
viloyat madaniyat boshqarmasiga festival tadbirlari uchun 6,6 mlrd so‘m mablag‘lar yo‘naltirilgan.
Xorazm viloyat hokimligi mahalliy byudjetining 2022-yilda orttirib bajarilgan qismi mablag‘lari 108,1 mlrd so‘mni, yil boshidagi erkin qoldiq mablag‘lari 191,4 mlrd so‘mni tashkil qilgan bo‘lib, yil davomida viloyat hokimining 148 ta farmoyishiga asosan 299,5 mlrd so‘m mablag‘lar tegishli maqsadlar uchun ajratilgan.
Ushbu mablag‘larning asosiy qismi, yaʼni 68,3 mlrd so‘m mablag‘ viloyatda davlat dasturlarini amalga oshirish va shu kabi maqsadlar uchun jamg‘armalarga (“Yoshlar daftari”, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” va boshqalar) yo‘naltirilgan.
Shuningdek:
Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasiga viloyatdagi qurilish (taʼmirlash, rekonstruksiya) loyihalari uchun 131,3 mlrd so‘m;
xalq taʼlimi tashkilotlariga taʼmirlash va moddiy jihozlar bilan taʼminlash uchun 11,1 mlrd so‘m;
tibbiyot sohasi tashkilotlariga 29,9 mlrd so‘m;
yo‘llarni taʼmirlash, yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash korxonalari moddiy texnika bazasini mustahkamlash uchun 3,7 mlrd so‘m;
turizm, madaniyat va sport sohalari tashkilotlariga 9,2 mlrd so‘m;
viloyat hokimligiga moddiy texnika bazasini mustahkamlash, joriy xarajatlar va turli tadbirlarni amalga oshirish maqsadida 23,7 mlrd so‘m;
boshqa turdagi ijtimoiy va iqtisodiy masalalarga 22,2 mlrd so‘m mablag‘lar yo‘naltirilgan.
Bundan tashqari, hokimlik tomonidan yer uchastkalarini sotishdan tushgan mablag‘lar, ssuda mablag‘lari, shuningdek, zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan sarflangan 44,7 mlrd so‘m mablag‘larning sarflanish maqsadlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar batafsil ochiqlangan.
Sirdaryo viloyati hokimligi mahalliy byudjetining 2022-yilda orttirib bajarilgan qismi mablag‘lari 81,0 mlrd so‘mni, yil boshidagi erkin qoldiq mablag‘lari 78,2 mlrd so‘mni tashkil qilgan bo‘lib, yil davomida viloyat hokimining 24 ta farmoyishiga asosan 159,2 mlrd so‘m mablag‘lar tegishli maqsadlar uchun ajratilgan.
Ushbu mablag‘larning asosiy qismi, yaʼni 57,9 mlrd so‘m mablag‘ viloyatda davlat dasturlarini amalga oshirish va shu kabi maqsadlar uchun jamg‘armalarga (“Yoshlar daftari”, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” va boshqalar) yo‘naltirilgan.
Shuningdek:
Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasiga viloyatdagi qurilish (taʼmirlash, rekonstruksiya) loyihalari uchun 24,5 mlrd so‘m;
xalq taʼlimi tashkilotlariga moddiy jihozlar bilan taʼminlash uchun 2 mlrd so‘m;
tibbiyot sohasi tashkilotlariga 6,5 mlrd so‘m;
yo‘llarni taʼmirlash, yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash uchun 2,1 mlrd so‘m;
aholini suv bilan taʼminlash va sug‘orish quduqlarini qazish masalalariga 2,4 mlrd so‘m;
ssuda mablag‘larini qaytarish uchun 10 mlrd so‘m;
tuman va shahar hokimliklariga 35,5 mlrd so‘m;
madaniyat sohasi tashkilotlariga 1,5 mlrd so‘m;
sport tashkilotlari faoliyatini qo‘llab quvvatlash maqsadlariga
1,3 mlrd so‘m;
boshqa maqsadlar uchun 15,5 mlrd so‘m mablag‘lar yo‘naltirilgan.
Toshkent shahri, Toshkent, Surxondaryo, Jizzax viloyati hokimliklari tomonidan Farmon talablarini ijro qilishda uning sohalar kesimida sarflanishi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni ochiqlash bilan cheklanilgan.
Toshkent shahar hokimligi tomonidan eʼlon qilingan maʼlumotlarda shahar mahalliy byudjetining orttirib bajarilgan qismidan 3 trln 49 mlrd so‘m mablag‘larning sohalar kesimida sarflanishi aks ettirilgan.
Xususan:
ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga 232,2 mlrd so‘m (Toshkent metropolitenida pensionerlarni bepul tashishda va bepul yurish huquqini beradigan yagona guvohnomalar bo‘yicha hisobga olinadigan yo‘lovchilarni tashish natijasida olinmay qoladigan daromadlarni qoplashga 35,5 mlrd so‘m, shahar passajir transporti zararini qoplashga 84,8 mlrd so‘m);
iqtisodiyotga xarajatlar 786,7 mlrd so‘m (obodonlashtirish uchun 678,7 mlrd so‘m, ko‘p kvartirali qavatli uylarda lift uskunalarini taʼmirlash va yangilashga 61,0 mlrd so‘m, markaziy ko‘chalarni asfalt qilishga 31,8 mlrd so‘m);
markazlashgan investitsiyalarni moliyalashtirishga 524,2 mlrd so‘m (markazlashtirilgan investitsiya dasturidan tashqari qo‘shimcha qurilishlar uchun 482,4 mlrd so‘m, ichimlik suvi va kanalizatsiyaga 41,8 mlrd so‘m);
davlat boshqaruv organlarini saqlashga 719,5 mlrd so‘m;
boshqa xarajatlarga 787,1 mlrd so‘m (ichki va tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 375,4 mlrd so‘m, ssudani qaytarish 247,4 mlrd so‘m, “Obod mahalla” jamg‘armasiga 51,7 mlrd so‘m, shaharda yo‘llar qurishga 28,5 mlrd so‘m) yo‘naltirilgan.
Shu kabi Toshkent viloyat hokimligi tomonidan eʼlon qilingan maʼlumotlarda ham mahalliy byudjetining orttirib bajarilgan qismidan 623,9 mlrd so‘m mablag‘larining sohalar kesimida sarflanishi aks ettirilgan.
Jumladan, hududiy iqtisodiy ijtimoiy rivojlantirish dasturlariga 171,7 mlrd so‘m, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga 105,4 mlrd so‘m, markazlashtirilgan jamg‘armalarga 104,7 mlrd so‘m, obodonlashtrish xarajatlariga 10,2 mlrd so‘m, madaniy sport tadbirlariga 6,1 mlrd so‘m, byudjet tashkilotlari moddiy bazasini mustahkamlash uchun 5,9 mlrd so‘m va boshqa xarajatlarga 219,7 mlrd so‘m mablag‘lar yo‘naltirilgan.
Xarajatlar tarkibida boshqa xarajatlar ulushi (35%) eng katta bo‘lib, ularning aynan qaysi maqsadlarga sarflanganligi ko‘rsatilmagan.
Surxondaryo viloyat hokimligi tomonidan eʼlon qilingan maʼlumotlarda ham mahalliy byudjetining orttirib bajarilgan qismidan 138,9 mlrd so‘m mablag‘larning sohalar kesimida sarflanishi aks ettirilgan.
Jumladan, hududiy iqtisodiy ijtimoiy rivojlantirish dasturlariga 42 mlrd so‘m, Harbiy maʼmuriy sektor jamg‘armasiga 35 mlrd so‘m, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga 34 mlrd so‘m, mukofot va rag‘batlantirishga 5,8 mlrd so‘m, hokimlik moddiy texnika bazasini mustahkamlashga 5,5 mlrd so‘m, “Yoshlar daftari” jamg‘armasiga 4,9 mlrd so‘m, madaniyat va sport tadbirlariga 3,2 mlrd so‘m, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga 1,1 mlrd so‘m va boshqa xarajatlarga 7,3 mlrd so‘m mablag‘lar ajratilgan.
Jizzax viloyat hokimligi tomonidan eʼlon qilingan maʼlumotlarda viloyat mahalliy byudjetda 103,9 mlrd so‘m miqdorida qo‘shimcha manbalar shakllangan bo‘lib, ularning sarflanishiga oid maʼlumotlar ochiqlangan.
Jumladan,
- hududlarni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va ijtimoiy soha muassasalarini qurish, taʼmirlash va jihozlash ishlari uchun 39,6 mlrd so‘m (ichimlik suvi tarmoqlarini yangilash uchun 4,1 mlrd so‘m, umumtaʼlim maktablarini taʼmirlash uchun 11,0 mlrd so‘m, tibbiyot muassasalarini taʼmirlash va jihozlash uchun 5 mlrd so‘m, madaniyat muassasalarini taʼmirlash va jihozlash uchun 3,1 mlrd so‘m, hududlarni rivojlantirish bilan bog‘liq boshqa tadbirlar uchun 16,4 mlrd so‘m)
- Harbiy maʼmuriy sektor jamg‘armasiga 20,3 mlrd so‘m;
- “Obod qishloq” dasturi uchun 1,5 mlrd so‘m;
- “Yoshlar daftari” jamg‘armasiga 1,5 mlrd so‘m;
- “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga 0,6 mlrd so‘m;
- hokimliklar moddiy bazasini mustahkamlash uchun 0,9 mlrd so‘m;
- umumxalq bayramlari, sport va madaniy tadbirlar o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 9,9 mlrd so‘m;
- hududlarni obodonlashtirish xarajatlariga 2,9 mlrd.so‘m;
- kreditorlik qarzdorliklarni qoplashga 0,3 mlrd so‘m;
- boshqa maqsadlar uchun 26,4 mlrd so‘m yo‘naltirilgan.
Xarajatlar tarkibida boshqa xarajatlar ulushi 25,4%ni tashkil etib, ularning aynan qaysi maqsadlarga sarflanganligi ochiqlanmagan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan mahalliy byudjetning rejadan (2022-yil 2-3-4-choraklar bo‘yicha) orttirib bajarilgan qismidan (215,5 mlrd so‘m) foydalanilganligi to‘g‘risida maʼlumotlar joylashtirilgan bo‘lsa-da, 2022-yil 1-yanvar holatidagi erkin qoldiq mablag‘lari va 1-chorakda shakllangan mablag‘larning sarflanishi to‘g‘risidagi maʼlumotlar ochiqlanmagan.
Yuqorida qayd etilgan hokimliklar tomonidan Farmon talablari to‘liq yoki qisman ijro etilgan bo‘lsa, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklar tomonidan ochiq eʼlon qilinishi majburiy etib belgilab qo‘yilgan maʼlumotlar rasmiy veb-saytda joylashtirilmagan.
Vaholanki, Andijon viloyat hokimligi tomonidan Е-qaror.gov.uz yagona elektron tizimiga joylashtirilgan qaror va farmoyishlar o‘rganilganda, 2022-yil davomida mahalliy byudjetning erkin qoldiq mablag‘lari va orttirib bajarilgan qismidan jami 415 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirilganligi aniqlandi.
Yoki Samarqand viloyat hokimligi tomonidan Е-qaror.gov.uz yagona elektron tizimiga joylashtirilgan qaror va farmoyishlar o‘rganilganda 2022-yil davomida mahalliy byudjetning erkin qoldiq mablag‘lari va orttirib bajarilgan qismidan jami 337 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirilganligi maʼlum bo‘ldi.
Farg‘ona viloyat hokimligi tomonidan mahalliy byudjet xarajatlarining 1 oktyabr holatidagi ijrosi hamda viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalar hisobidan xarid qilingan tovarlar va xizmatlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar joylashtirilgan bo‘lib, Farmonda nazarda tutilgan maʼlumotlar ochiqlanmagan.
Namangan viloyat hokimligi tomonidan viloyat mahalliy byudjetining daromadlari va xarajatlari aks ettirilgan bo‘lib, ushbu maʼlumotlar ham 2022-yil 3-chorak maʼlumotlaridan iborat.
Qashqadaryo viloyat hokimligi tomonidan esa faqatgina mahalliy byudjetning daromadlari va xarajatlari ochiqlangan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati