Andijon viloyatida subsidiya mablag‘larining talon-toroj qilingani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Andijon viloyatida subsidiya mablag‘larining talon-toroj qilingani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 22-iyuldagi 307-son qarori asosida subsidiya mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishi yuzasidan Andijon viloyatida o‘rganish o‘tkazildi.

O‘rganish mobaynida Jalaquduq tumanining Kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘limi mansabdor shaxslari tomonidan “S.T.X” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari F.X. bilan oldindan til biriktirib, qonunchilikka zid ravishda harakat qilingani aniqlandi.

Jumladan, 2023-yilda tuzilgan ijtimoiy shartnomaga asosan “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan 25 nafar ishsiz ayolning mazkur MCHJda kasanachi sifatida bandligi taʼminlangani va ularga 247,5 million so‘mlik tikuv asbob-uskunalari berilgani haqida soxta hujjatlar rasmiylashtirilgan.

O‘rganish natijalari bo‘yicha to‘plangan materiallar asosida Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati