O‘zbekistonda BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining bajarilishi holati o‘rganilmoqda
Bugungi kunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilmalari tomonidan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ikkinchi bosqich obzori doirasida O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati o‘rganilmoqda.
BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (Nyu-York, 2003-yil 31-oktyabr)ning 63-moddasiga asosan, Konvensiya talablari amalga oshirilishi bo‘yicha obzori tegishli davriylikka asosan, Konvensiyaga aʼzo davlatlar konferensiyasi tomonidan o‘tkazib borilishi belgilangan.

Maʼlumot uchun: O‘zbekiston 2008-yil 7-iyulda BMTning "Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini ratifikatsiya qildi va shu yili "Birlashgan Millatlar Tashkilotining "Korrupsiyaga qarshi" konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilishi to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilindi. Ushbu konvensiya talablari korrupsiyaga oid milliy qonunchilikni tahlil etish, zaruriy huquqiy meʼyorlarni qabul qilish va shu orqali korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini oshirishni nazarda tutadi.
Mamlakatimiz 2012-2015 yillarda birinchi monitoringdan o‘tkazilgan. O‘zbekistonni ikkinchi bosqich monitoringida Maldiv Respublikasi va Nigeriya Federativ Respublikasi obzorni o‘tkazuvchi davlatlar sifatida tanlab olingan. Obzor doirasida BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining 2-bobi (“Korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlari”) va 5-bobi (“Aktivlarni qaytarib olish chora-tadbirlari”) qoidalarining amalga oshirilishi o‘rganilmoqda.

Ayni jarayonda mamlakatimizning aksilkorrupsiya islohotlari, jumladan, davlat boshqaruvi tizimida shaffoflik va hisobdorlikni taʼminlash, davlat xizmatchisi etikasi, davlat xaridlari, moliyaviy monitoring, pul yuvilishiga qarshi choralar, jinoatlardan olingan aktivlarni musodara qilish va qaytarish mexanizmlari bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar va ularning natijalarini o‘rganish maqsadida uchrashuvlar va muhokamalar o‘tkaziladi.
Shu munosabat bilan joriy yilning 17-noyabr kuni BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (GJB) hamda O‘zbekiston obzorini o‘tkazayotgan davlatlar — Nigeriya Federativ Respublikasi va Maldiv Respublikasi ekspertlari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul boshqa davlat organlari rahbariyati va xodimlari ishtirokida obzor doirasidagi tadbirlarning ochilish marosimiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Maʼlumot o‘rnida: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi PF-6013-son Farmoniga asosan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi boshqa xalqaro shartnomalari qoidalarining bajarilishi bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy koordinatori vazifa va vakolatlari yuklatilgan.

Tadbirda O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro standartlarga sodiqligi va siyosiy iroda tufayli mamlakatda “barchasi inson manfaatlari uchun” tamoyilini taʼminlash, korrupsiyadan xoli jamiyat uchun sharoit yaratish bo‘yicha jadal islohotlar amalga oshirayotgani to‘g‘risida maʼlumot berildi. Mazkur obzor ana shu islohotlarning natijadorligi, ochiqligi, xalqaro hamkorlikka O‘zbekistonning sodiqligi va faol pozitsiyasining yana bir amaliy tasdig‘i ekanligi taʼkidlandi. O‘z navbatida, xalqaro ekspertlar tomonidan ham Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani eʼtirof etildi.

Xususan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat xaridlari tizimining tubdan isloh qilinishi, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalarda raqamlashtirish jarayonlari, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish mexanizmlarini joriy etish, moliyaviy monitoring va aktivlarni qaytarish bo‘yicha yangi institutlarni tashkil etish kabi muhim qadamlar qo‘yilgani qayd etildi.
Taʼkidlash joiz, xalqaro ekspertlar tomonidan o‘tkazilayotgan ushbu obzor nafaqat xalqaro majburiyatlarimizni to‘laqonli bajarish, balki milliy islohotlarimizni yana-da takomillashtirish, samaradorlikni oshirish va korrupsiya xavflarini keskin kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Obzor doirasida davlat xizmatini isloh qilish, davlat xaridlarida ochiqlik va raqobatni taʼminlash, elektron tizimlar joriy etilishi bo‘yicha amaliy taqdimotlar o‘tkaziladi. Fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari bilan alohida sessiya bo‘lib o‘tdi hamda ularning mazkur jarayonlardagi ishtirokining amaliy jihatlariga to‘xtalib o‘tiladi.
Obzor yakunlariga asosan, ekspertlar tomonidan tavsiyalar va texnik yordam bo‘yicha takliflar shakllantiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati