XJV missiyasi O‘zbekistonning aksilkorrupsiya siyosatidagi so‘nggi yangiliklar bilan tanishdi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ)ning Yassir Abdix boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuvda Agentlik direktori Akmal Burxanov delegatsiya a’zolarini O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi so‘nggi yangilik va o‘zgarishlar bilan tanishtirdi.
Jumladan, 2025-yil 30-dekabrda qabul qilingan PF-270-son Prezident farmoni va unda belgilangan 2030-yilgacha aksilkorrupsiya siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, shu jumladan, raqamlashtirish va ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, institutsional mexanizmlar sezilarli darajada mustahkamlanib, Agentlikning vakolatlari kengaytirildi, korrupsiyaga qarshi menejment tizimining Milliy standarti, Korrupsiyaning oldini olish klasteri va zamonaviy komplayens-nazorat mexanizmlari joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, davlat xaridlari sohasida ma’lumotlar tahlili va sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Delegatsiya vakillari “Raqamli komplayens” va “E-qaror” tizimlari faoliyatiga alohida qiziqish bildirdi.

Uchrashuv doirasida daromadlar deklaratsiyasini joriy etish, korrupsiya haqida xabar beruvchilarni himoya qilishning bo‘yicha qonunchilik asoslarini takomillashtirish va xalqaro reytinglarda O‘zbekiston pozitsiyasini yaxshilash masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Xalqaro tashkilot vakillari qisqa vaqt ichida mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan izchil va qat’iy islohotlarni yuqori baholab, bu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida ikki tomon hamkorlikni yanada rivojlantirish va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati