VI Toshkent aksilkorrupsiya forumi bo‘lib o‘tdi
Poytaxtimizda “Korrupsiyaga qarshi boshqaruvning yangi arxitekturasi: samarali preventiv choralar sari” shiori ostida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi nufuzli xalqaro tadbir — VI Toshkent aksilkorrupsiya forumi bo‘lib o‘tdi.
Har yili anʼanaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur Forum nafaqat o‘zaro tajriba almashish va muhokama maydoni, balki korrupsiyaga qarshi kurashishda mintaqaviy va global hamkorlikni mustahkamlash, adolatli va shaffof jamiyat qurishga qaratilgan muhim xalqaro platformaga aylandi.

Bu yilgi forum Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan Osiyo taraqqiyot banki, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Yevropa Ittifoqi hamda BMT Taraqqiyot dasturi kabi bir qator xalqaro hamkorlar ko‘magida tashkil etildi.
Mazkur Forumning ishtirokchilari son va geografik jihatdan tobora kengayib bormoqda. Jumladan, joriy yilda Yaponiya, Gonkong, Ozarbayjon, Singapur, Timor orollari, Qirg‘iziston, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, Malayziya, Estoniya, Butan, Kuk orollari, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Mongoliya, Litva, Latviya, Shri Lanka, Kambodja, Nepal va boshqa mamlakatlarning aksilkorrupsiya idoralari rahbariyati va vakillari jamlandi.

Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Transparency International hamda “Mintaqaviy muloqot” xalqaro tashkilotlari, AQSH davlat departamenti, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi, Konrad Adenauer fondi hamda BMT tuzilmalarining yetakchi ekspertlari, parlament aʼzolari, davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.

Bu yilgi Forum dasturidan yuqori darajadagi plenar sessiya, shuningdek, institutsional ochiqlik va hisobdorlik, markaziy va mahalliy darajada korrupsiyaning oldini olish mexanizmlari, korrupsiyaga qarshi taʼlim va jamoatchilik ishtirokini kuchaytirishga bag‘ishlangan uchta tematik muhokamalar o‘rin oldi.
Asosiy maʼruzachilar — Estoniyaning Elektron boshqaruv akademiyasi vakili Xannes Astok hamda Litva Maxsus tergov xizmati vakili Egidiyus Radzevichyus raqamli integratsiya hisobdorlikni taʼminlashning eng samarali vositasi ekani haqida fikr bildirdi. Ozarbayjon va Yaponiya ekspertlari esa institutsional ochiqlik korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan jarayonlarda “inson omili”ni bartaraf etishning taʼsirchan mexanizmi ekanini taʼkidladi.

Gonkong, Singapur, Saudiya Arabistoni va Malayziya davlatlarining aksilkorrupsiya idoralari vakillari jamoatchilik bilan hamkorlik va korrupsiyaga qarshi taʼlim bo‘yicha ilg‘or modellarni taqdim etdi. Muhokamalar mobaynida ijtimoiy sheriklik va aholining huquqiy ongini yuksaltirish korrupsiyaviy illatlarga nisbatan barqaror jamiyatni shakllantirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekaniga alohida urg‘u berildi.

Muhokamalarda, shuningdek, yuqori darajadagi strategiyalarni hududlarda amaliyotga tatbiq etish masalalariga eʼtibor qaratilib, mahalliy boshqaruv tizimi uchun moslashtirilgan samarali profilaktika mexanizmlarini ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Forum doirasida Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda ayollar yetakchiligidagi nodavlat notijorat tashkilotlari, vazirlik va idoralar, oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, shuningdek, ijtimoiy faollar ishtirokida “Korrupsiyaga qarshi choralarga gender yondashuvni joriy etish” mavzusida amaliy trening tashkil etildi.

Forum doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati hamda Butan Qirolligi Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi raisi Pema Choden, shuningdek, Mo‘g‘uliston Korrupsiyaga qarshi mustaqil idorasi direktori Zandraa Dashdavaa bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.

Uchrashuvlar davomida korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilinib, muhim kelishuvlarga erishildi.
Yana bir muhim jihat shundaki, bu yilgi Forum haftasi doirasida mamlakatimiz ilk bor Osiyo va Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari Huquqni muhofaza qiluvchi organlari tarmog‘i (AP LEN) yig‘ilishiga mezbonlik qildi.

Yig‘ilishda interaktiv sessiyalar va qo‘shma muhokamalar orqali poraxo‘rlik va korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilish hamda jinoiy taʼqib etish sohasida o‘zaro tajriba almashildi. Mazkur yo‘nalishlarda umumiy muammolar ko‘rib chiqilib, innovatsion yondashuv va yechimlar muhokama qilindi.

Aytish joiz, o‘tgan yilgi aksilkorrupsiya forumida muhokama qilingan “Markaziy Osiyoda mintaqaviy korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirish va hamkorlikni rivojlantirish” rezolyutsiyasi 2025-yil dekabrdagi BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi-davlatlar konferensiyasining 11-sessiyasiga O‘zbekiston tomonidan kiritildi va qabul qilindi. Bu yil ham muhokamalar, taklif va tavsiyalar asosida VI-Toshkent aksilkorrupsiya forumi deklaratsiyasi qabul qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati