Navoiy viloyatida NNTlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishga oid muhim ijtimoiy loyihalar amalga oshiriladi
Navoiy viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holati yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari va jamoat birlashmalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va uning viloyat hududiy bo‘linmasi, shuningdek, Agentlik tomonidan xalqaro tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan grant tanlovlarida viloyatdan g‘olib bo‘lgan NNTlarning ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalari taqdimot qilindi. Hozirda loyihalarni amalga oshirish maqsadida jami 288 mln. so'm grant mablag'lari ajratilgan.
Loyihalarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifa va topshiriqlar ijrosini samarali ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Jumladan, “Noila” ijtimoiy ko‘mak, huquqiy targ‘ibot va monitoring markazi tomonidan har bir hudud va soha kesimida maishiy korrupsiya holatlarini keltirib chiqaradigan omillarni bartaraf etishga qaratilgan “Navoiy tajribasi”ni yaratish tashabbusi ilgari surilmoqda.
"So‘g‘diyona" yoshlar va ayollar markazi esa viloyatning Uchquduq, Zarafshon va Nurota tumanlaridagi mahalla va qishloqlardan 15 nafar faolni korrupsiyaga qarshi kurashish qonunchiligi va xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha “oshkoralik elchisi” sifatida tayyorlashni maqsad qilgan.

"Qaqnus" ayollar va yoshlar markazi hamda “Intilish va taraqqiyot” jamoat birlashmasining ijtimoiy loyihalarida esa viloyatning eng chekka hududlarida korrupsiyaga nisbatan murosasizlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘rin olgan.

Uchrashuv yakunida Agentlik direktori loyihalar bo‘yicha amaliy natijalarga e’tibor qaratish, har bir vazifa va maqsadni samarali amalga oshirish, grant mablag‘laridan oqilona foydalanish borasida tavsiya va takliflar berdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati