Koson tumanini korrupsiyadan xoli hududga aylantirish bo’yicha o‘rganishlar olib borilmoqda
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida Koson tumanini korrupsiyadan xoli hududga aylantirish bo’yicha o‘rganishlar olib bormoqda.
O‘rganishlardan maqsad - Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifa va topshiriqlar ijrosini ta’minlash, xususan, korrupsiya darajasi yuqori bo’lgan sohalarni raqamlashtirish, byurokratik tartiblarni bekor qilish bo’yicha aniq choralar ko’rishdan iborat.

Ishchi guruh tomonidan tumanning sog’liqni saqlash muassasalarida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ishlar holati o’rganilib, ularda bepul va pullik tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish, tibbiy jihozlar va dori vositalari bilan taʼminlash, tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilish kabi yo’nalishlarda korrupsiya xavflarini bartaraf etish choralari ko’rib chiqildi.

Shuningdek, bu borada aholi bilan ham suhbatlar o’tkazilib, ularning ko’rsatilayotgan tibbiy xizmatlarga bo’lgan munosabati tinglandi.
Agentlik direktori Akmal Burxonov tomonidan mazkur tibbiyot muassasalarida korrupsiyaning oldini olish ishlari samarali yo’lga qo’yilmaganligi, tibbiyot xodimlari va aholida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda kamchiliklar mavjudligi tanqid qilindi.

Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish va tibbiy xizmatlar ko’rsatishda tamagirlik va korrupsiya holatlarining oldini olish yuzasidan masʼullarga zarur topshiriqlar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati