Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori AQSHning O‘zbekistondagi elchisini qabul qildi

3-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov va Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Djonatan Xenik o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Agentlik rahbari Dj.Xenikni yuksak va masʼuliyatli lavozimga tayinlanganligi bilan qutlab, ikki davlat o‘rtasida, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yo‘lga qo‘yilgan konstruktiv muloqot diplomatik missiyalar ko‘magida tizimli davom ettirilishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuv davomida A.Burxanov AQSH tomonini mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosati, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi rejalar to‘g‘risida xabardor qildi.

AQSH elchisi, o‘z o‘rnida, mazkur sohadagi o‘zgarish va ko‘rilayotgan choralarni yuqori baholab, mamlakatimizning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yildan-yilga ko‘tarilayotganligini eʼtirof etdi.

Uchrashuv so‘nggida, tomonlar korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan yangi qo‘shma loyihalar va texnik ko‘mak dasturlarini ishlab chiqish hamda soha yuzasidan AQSH tajribasini o‘rganish ishlarini davom ettirishga kelishib oldilar.


Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati