“Korrupsiya: Buni hamma bilishi kerak” kitobiga bag‘ishlangan intellektual muloqot o‘tkazildi

“Korrupsiya: Buni hamma bilishi kerak” kitobiga bag‘ishlangan intellektual muloqot o‘tkazildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov va Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev ishtirokida iqtisodchi Rey Fisman va siyosiy fanlar bo‘yicha olima Miriam A. Golden muallifligidagi “Korrupsiya: Buni hamma bilishi kerak” kitobi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan intellektual muloqot bo‘lib o‘tdi.

Mazkur kitob “1000KITOB” loyihasi doirasida ilk bora o‘zbek tilida nashr etilgan bo‘lib, unda korrupsiya ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jihatdan xorijiy tajribalar asosida chuqur tahlil qilingan.

Asar korrupsiyaning qayerda, nima sababdan va qanday shakllarda yuzaga kelishini sodda va tushunarli misollar orqali yoritadi.

Mualliflar korrupsiyani faqat alohida shaxslarning qonunbuzarligi sifatida emas, balki tizimli muammo sifatida talqin qiladi. Uning ildizlari nazorat mexanizmlarining yetarli emasligi, ochiqlik va shaffoflikning past darajasi bilan bog‘liq ekani qayd etiladi.

Shuningdek, jamoatchilik nazorati, OAV va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni alohida taʼkidlanadi.

Ochiqlik, hisobdorlik va raqamlashtirish korrupsiyani kamaytirishning muhim vositalari sifatida ko‘rsatiladi.

Yoshlar bilan muloqot davomida Agentlik direktori asarda ilgari surilgan institutsional islohotlar va shaffoflik mexanizmlari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan aksilkorrupsiya siyosati, ochiqlik va raqamli nazorat tizimlari bilan uyg‘un ekanini qayd etdi.

— Korrupsiyaga qarshi kurashni faqat jazo choralari bilan cheklash — muammoning ildiziga yetib bormaslik degani. Shuning uchun biz bu illatga qarshi, avvalo, prevensiya, chuqur institutsional islohotlar va samarali boshqaruv orqali tizimli yondashuvni kuchaytirishimiz zarur. Eng muhimi, jamiyatda ijtimoiy masʼuliyatni oshirish va halollikni ustuvor qadriyatga aylantirish — bu boradagi eng taʼsirchan va barqaror yechimdir. E'tiborlisi, mazkur kitobda ham aynan shu yondashuvlar ilmiy asosda keng yoritilgan, - dedi Akmal Burxanov.

Uchrashuv yakunida “1000KITOB” loyihasi doirasida shu kabi ilmiy-ommabop adabiyotlar tarjimasini ko‘paytirish, shuningdek, yoshlar va ekspertlarning takliflarini inobatga olgan holda korrupsiyaga qarshi kurash choralarini yanada kuchaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Kitobni to’liq holatda (elektron va audio shaklida) "Mutolaa" (https://mutolaa.com/book/korrupsiya) ilovasi orqali o'qishingiz mumkin.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati