“Halollik oroli” metodologiyasining ikkinchi bosqichi amalga oshirilmoqda

“Halollik oroli” metodologiyasining ikkinchi bosqichi amalga oshirilmoqda

Mamlakatimiz bo‘ylab korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar doirasida “Halollik oroli” metodologiyasining ikkinchi bosqichi ishga tushirildi.

Mazkur bosqich 2024–2025 yillarda Buxoro viloyati Vobkent tumani, Jizzax shahri hamda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida amalga oshirilgan dastlabki tajriba natijalariga asoslanadi.

Birinchi bosqich doirasida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan korrupsiyaga eng moyil sohalarda xavf-xatarlar aniqlandi, ichki tartib-taomillar qayta ko‘rib chiqildi hamda mahalliy sharoitlarga mos amaliy yechimlar ishlab chiqildi.

Natijada har bir hudud uchun 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan strategik yo‘l xaritalari va harakatlar rejalari tasdiqlandi. Ularda davlat organlari faoliyatida korrupsiya xavflarini kamaytirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilangan. Ushbu hujjatlarning bevosita mahalliy mansabdor shaxslar tomonidan ishlab chiqilgani ularning amaliyligi, mahalliy ishtirok darajasi va natija uchun shaxsiy masʼuliyatni taʼminlaydi.

Bu yil ushbu yondashuvni kengaytirish maqsadida, xususan, Xorazm viloyati Hazorasp, Navoiy viloyati Konimex, Samarqand viloyati Jomboy, Farg‘ona viloyati Oltiariq, Namangan viloyati Pop tumanlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida mazkur metodologiyani tatbiq etish ishlari boshlandi.

Shu vaqtga qadar Hazorasp, To’rtko’l, Oltiariq tumanlarida “Halollik orollari” dasturini amalga oshirish doirasida hududiy kengash a’zolari, mahalliy hokimiyat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari uchun maxsus o‘quv kurslari tashkil etildi. Mazkur treninglar korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga qaratilgan.

O‘quv mashg‘ulotlari davomida ishtirokchilarga korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali mexanizmlari, shuningdek, davlat xizmatchilari orasida odob-axloq qoidalari va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashishning eng samarali milliy va xalqaro mexanizmlari to‘g‘risida so‘z yuritildi.  Bundan tashqari, ishtirokchilar sohadagi yangi qonunchilik talablari va korrupsiya xavf-xatarlarini baholash bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.

Ma'lumot o'rnida: Oʻzbekistonda mazkur metodologiya Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturinng Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash" qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati