Davlat xizmatchilarining odob-axloq tizimini takomillashtirish ishlari davom etmoqda

Davlat xizmatchilarining odob-axloq tizimini takomillashtirish ishlari davom etmoqda

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Korrupsiyaning oldini olish yuzasidan 2026-yilga mo‘ljallangan harakatlar rejasi ijrosi doirasida davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga zid xatti-harakatlarining oldini olish, xizmat odobi va masʼuliyatini oshirish, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi institutsional mexanizmlarni takomillashtirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Boshqaruv samaradorligi agentligi, Ichki ishlar, Mudofaa, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari, Boshqaruv samaradorligi agentligi, shuningdek , Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, “Uzinfocom” hamda Toshkent davlat yuridik universiteti, Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, Kriminologiya tadqiqot instituti masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilayotgan Davlat xizmatchilarining “Odob-axloq kodeksi” loyihasi atroflicha muhokama qilinib, uning mazmun-mohiyati, qo‘llanish amaliyoti va xalqaro tajriba bilan uyg‘unlashuvi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish Virtual akademiyasi elektron platformasi negizida davlat xizmatchilari uchun “Odob-axloq kursi”ni ishlab chiqish jarayoni yuzasidan maʼlumot berildi. Mazkur kurs orqali xizmatchilarning huquqiy ongi va etik madaniyatini oshirishga qaratilgan interaktiv o‘quv mexanizmlari joriy etilishi taʼkidlandi.

Yig‘ilishda “Raqamli komplayens” axborot dasturiy kompleksi doirasida joriy etilayotgan “Odob-axloq moduli” ham taqdimot qilindi. Qayd etilganidek, ushbu modul orqali davlat xizmatchilari faoliyatida shaffoflikni taʼminlash, ehtimoliy huquqbuzarliklarni erta aniqlash va profilaktika qilish imkoniyatlari kengayishi qayd etildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan amaliy va manzilli takliflar ilgari surilib, davlat xizmatida odob-axloq qoidalariga rioya etish tizimini yanada samarali tashkil etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati