Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasining joriy yil 1 noyabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi majlisida “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunning O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda uning tasarrufidagi tashkilotlarda ijro etilishi holati muhokama qilindi.
Qo‘mita a’zolari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda boshqa mas’ul idoralarning xodimlaridan iborat Ishchi guruh tomonidan vazirlik va uning tasarrufidagi tashkilotlarda 2023 yilning o‘tgan 9 oyi davomida ochiqlikni ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi.
O‘rganish va tahlil natijalariga ko‘ra, ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar veb-sayt hamda ochiq ma’lumotlar portaliga (data.egov.uz) o‘z vaqtida joylashtirib borilgan.
Hisobot davrida jamoatchilikni vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlardan xabardor qilish maqsadida 20 ta brifing, 7 ta press-tur o‘tkazilgan.
Shu bilan birga majlisda vazirlik, uning tarkibiy va hududiy boshqarmalarida ochiqlikni ta’minlash yo‘nalishida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Jumladan, ayrim hududiy bosh boshqarmalarning rasmiy veb-saytida ijtimoiy hamiyatga ega ma’lumotlar o‘z muddatida joylashtirmagan. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy boshqarmalarida axborot xizmatlari tashkil etilmagan.
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligida bugungi kun holatiga ko‘ra rasmiy veb-sayt faoliyati talab darajasida emas hamda axborot xizmatiga mas’ul shaxs tayinlanmagan.
Vazirlik tizimidagi tashkilotlarning aksariyatida faoliyatiga oid hisobotlar, xarid komissiyalarining tarkibi, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtirilmasdan kelingan.
Yig‘ilishda shu kabi kamchilik va sustkashliklar tanqidiy ko‘rib chiqilib, ochiqlikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan xodimlarning mas’uliyatini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Qo‘mita a’zolari tomonidan ochiqlikni ta’minlash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish, vazirlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan axborotlardan jamoatchilik doimiy xabardor bo‘lishi uchun zarur choralar ko‘rish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati